21-Xalqaro “Tog‘-kon ishi, metallurgiya va metallsozlik – MiningMetals Uzbekistan 2027” ko‘rgazmasi

26 - 28 oktabr 2027, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar (for all)

Konchilik sanoatida ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026 yil uchun ustuvor vazifalar va “Navoiyuran” korxonasi hamda “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” aksiyadorlik jamiyatining keyingi rejalariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bugun dunyoda kritik minerallar va metallarga talab jadal sur’atlarda oshib bormoqda. Xususan, an’anaviy metallarga talab yiliga o‘rtacha 1 foizga oshayotgan bo‘lsa, kritik minerallar bozori 10 foizga o‘smoqda. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda mavjud mineral-xomashyo bazasidan samarali foydalanish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Taqdimot boshida “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” aksiyadorlik jamiyati faoliyati va uning rivojlanish rejalari ko‘rib chiqildi.
Kombinatda geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib boyitish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yil oxirigacha 12 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish, mahalliylashtirilgan mahsulotlar assortimentini kengaytirish, shuningdek, yuqori tozalikdagi selen va tellur ishlab chiqarishni oshirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari kritik minerallar sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish, hamda o‘zlashtirilgan 5 turdagi mahsulotga (volfram, molibden, selen, tellur va reniy) qo‘shimcha ravishda yana 11 turdagi — nikel, kobalt, grafit, surma, qalay, marganets, platina, vanadiy, simob va mis ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi. Tarmoqda ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish va foydali qazilmalarning qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash muhimligi ta’kidlandi.

Rejalarga ko‘ra, 2030 yilga borib 16 turdagi kritik xomashyo bo‘yicha ishlab chiqarish hajmi 2,7 milliard dollardan oshishi kerak.

Volframni chuqur qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Ularni amalga oshirish uchun 1,1 milliard dollar investitsiya jalb etish va 2030 yilga borib ishlab chiqarish hajmini qariyb 2,2 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, nodir va noyob yer elementlariga boy istiqbolli konlarni o‘zlashtirish, kombinatning resurs bazasini kengaytirish va investitsiya loyihalarini tezlashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Taqdimot davomida “Navoiyuran” korxonasining joriy faoliyati va rivojlanish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda jahon bozorida uran xomashyosiga talab 15-20 foizga oshdi. 2030 yilga borib esa yana 28 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Bunday sharoitda mamlakatda uran qazib olish hajmini oshirish, yangi konlarni o‘zlashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish va uran tarmog‘ini zarur resurslar bilan barqaror ta’minlash alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda joriy yilda geologiya-qidiruv ishlari va texnologik burg‘ilashni kengaytirish, ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, qo‘shimcha sorbsiya qurilmalarini ishga tushirish hamda 250 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Korxona ishlab chiqarish hajmini oshirishda zarur kimyoviy reagentlar yetkazib berilishi muhim rol o‘ynaydi. Shu munosabat bilan mahalliy sanoat korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyani mustahkamlash va texnik oltingugurt, sulfat hamda nitrat kislotasi yetkazib berishni ko‘paytirish choralari haqida axborot berildi.

Mamlakatimiz Prezidenti ishlab chiqarish jarayonlarida muqobil texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, 2030 yilga borib sulfat kislotani almashtiruvchi reagentlar ulushini 40 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Umuman olganda, ushbu chora-tadbirlar va yangi ishlab chiqarish quvvatlari hisobidan uran ishlab chiqarish hajmini joriy yildagi 7,5 ming tonnadan 2030 yilga borib 15 ming tonnaga yetkazish, shuningdek, aniqlangan zaxiralar hajmini 200 ming tonnaga olib chiqish ko‘zda tutilgan.

Taqdimot yakunida mas’ullarga investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash, korxonalarning mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash, yangi texnologik quvvatlarni ishga tushirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va eksportni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Manba