20-yubiley Хalqaro “Tog`-kon ishi, metallurgiya va metallsozlik – MiningMetals Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasi

27 - 29 oktabr 2026, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar (for all)

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $72 mlrd ga yetdi — Markaziy bank rahbari

Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 1-sentabr holatiga koʻra $72 mlrdga yetdi. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Toshkentda davlat aktivlarini boshqarish boʻyicha Xalqaro forumning ochilishida ma’lum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, hozirgi zaxiralar hajmi mamlakat importini bir yildan ortiq muddatga qoplaydi. 2026-yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston oltin zaxiralarini qariyb 50 tonnaga oshirdi — bu dunyo markaziy banklari orasida ikkinchi eng yuqori koʻrsatkichdir.

«Biz oltin qazib oluvchi mamlakatmiz va oltin an’anaviy ravishda zaxiralarimizning salmoqli qismini tashkil etadi», — dedi Markaziy bank rahbari.

Shu bilan birga, regulyator zaxira portfelini aktivlar sinflari, valyutalar va kontragentlar boʻyicha diversifikatsiya qilishni davom ettirish niyatida. 2024-yilda Markaziy bank ilk bor AQSh gʻaznachilik obligatsiyalarini xarid qildi, bu esa zaxiralarning oltinda jamlanishini kamaytirish yoʻlidagi qadamlardan biri boʻldi.

Ishmetovning ta’kidlashicha, Markaziy bank zaxiralarni boshqarish tizimini xavfsizlik, likvidlik va daromadlilik degan uch tamoyilga tayangan holda bosqichma-bosqich shakllantirmoqda. Shu bilan birga, regulyator aktivlarning bir qismini tashqi boshqaruvga oʻtkazish imkoniyatini ham koʻrib chiqmoqda, shunda Markaziy bank mutaxassislari xalqaro professional boshqaruvchilar bilan birgalikda ishlay oladi.

«Portfelni bir haftada qayta tuzish mumkin, institutni esa yoʻq», — dedi Markaziy bank raisi, zaxiralar tuzilmasi oʻzgartirilishi bilan bir vaqtda kadrlar salohiyati va infratuzilmani rivojlantirish muhimligini ta’kidlab.

Nutqda jahon zaxiralarida oltinning roli oʻzgarishiga alohida e’tibor qaratildi. Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga koʻra, soʻrovda qatnashgan markaziy banklarning 89 foizi jahon oltin zaxiralari oʻsishini kutmoqda, 45 foizi esa oʻz zaxiralarini oshirishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, har toʻrtta markaziy bankdan uchtasi yaqin besh yil ichida jahon zaxiralarida AQSh dollarining ulushi kamayishini kutmoqda.

Shu fonida Oʻzbekiston Markaziy banki zaxiralarni keyingi boshqarish bilan bogʻliq bir nechta masalalarni koʻrib chiqmoqda: suveren balansda bitta aktivning konsentratsiyasi qanchalik yuqori boʻlishi mumkin, portfel barqarorligini qanday ta’minlash kerak va moliyaviy instrumentlar oʻrtasidagi odatiy oʻzaro bogʻliqliklar oʻzgarayotgan sharoitda aktivlarning strategik taqsimoti qanday boʻlishi lozim.

«Bu bandlarning har biri boʻyicha oʻz mulohazalarimiz bor, ammo tayyor javoblar hali yoʻq», — dedi Ishmetov.

Davlat aktivlarini boshqarish boʻyicha birinchi Xalqaro forum Toshkentda 35 tashkilotdan 77 delegat ishtirokida oʻtmoqda. Markaziy bank rahbarining soʻzlariga koʻra, forumda taqdim etilgan aktivlar boshqaruvchilari jami $36 trln dan ortiq mablagʻni boshqaradi, markaziy banklar va davlat institutlari esa taxminan $3,4 trlnlik rasmiy zaxiralarga ega.

Markaziy bank rahbari, shuningdek, regulyator asosiy stavkani 14% darajasida saqlab qolayotganini ma’lum qildi. Oʻzbekistonda inflyatsiya ikki yil avvalgi qariyb 10% dan 6,2% gacha pasaydi va Markaziy bank rejalariga koʻra, 2027-yil oxiriga borib 5% maqsadli darajaga yetishi kerak.

2026-yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston iqtisodiyoti 8,5% ga oʻsdi.


Manba: