Yangiliklar
O‘zbekistonda uran qazib olish hajmi 7 ming tonnaga ko‘paydi, zahiralari esa 139 ming tonnaga baholanmoqda.
2025-yilda O‘zbekistonda 7 000 tonna uran qazib olindi, aniqlangan zaxiralar hajmi esa 139 ming tonnaga yetdi. Bu haqda uran sanoatini rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqilgani yakunlari bo‘yicha Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uran ishlab chiqarish 75 foizga oshdi. Jahon yadroviy assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda qazib olish hajmi 4 000 tonnani tashkil etgan.
Konchilik va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida joriy yilda bir qator konlarda qazib olish ishlarini boshlash va jadallashtirish topshirilgani haqida ma’lum qildi.
Joriy yilda «Arnasoy» (Jizzax viloyati), «G‘arbiy Qizilkok», «Janubiy Jongeldi» (Navoiy viloyati) hamda «Sharqiy Agron» (Samarqand viloyati) konlarini o‘zlashtirishni boshlash rejalashtirilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qazib olish hajmi oshishi kutilayotgani sababli uranni qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish zarurati qayd etilgan.
«Dunyoda xomashyo va mahsulotlar yetkazib berish zanjirlarida uzilishlar kuzatilayotgan sharoitda ushbu sohani jadallashtirib rivojlantirish vazifasi qo‘yilgan», — dedi u.
«Arnasoy» uran konini o‘zlashtirishni tezlashtirish bo‘yicha alohida topshiriq berilgan. Investitsiya loyihasining umumiy qiymati 150 mln dollar deb baholanmoqda va «joriy yil iyul oyidan uran qazib olishni boshlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilgan», dedi Ural Yusupov.
«Arnasoy» konini o‘zlashtirish uchun 68 km avtomobil yo‘llari va 110 km yangi elektr uzatish tarmoqlarini qurish rejalashtirilgan», — dedi u.
Bundan tashqari, barcha loyihalar bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish va yangilashni jadallashtirish topshirildi. Uran ishlab chiqarishni texnologik jarayondagi asosiy xomashyo hisoblangan sulfat kislota bilan barqaror ta’minlash uchun Navoiy viloyatida joylashgan va joriy yilda O‘zbekiston texnologik metallurgiya kombinati tomonidan ishga tushirilishi rejalashtirilgan sulfat kislota zavodini foydalanishga topshirishni tezlashtirish topshirildi.
Shuningdek, Zaravshon Industry korxonasiga o‘zining sulfat kislota ishlab chiqarish zavodini ishga tushirishni jadallashtirish bo‘yicha aniq muddatlar va topshiriqlar berildi.
Taqqoslash uchun: dunyodagi eng yirik uran ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Qozog‘istonda qazib olish hajmi 25,8 ming tonnani tashkil etdi.
Manba