Press-relizlar
MiningMetals Uzbekistan 2026 — Yirik biznesning harakat nuqtasi

20-yubiley "Tog'-kon ishi, metallurgiya va metallsozlik - MiningMetals Uzbekistan 2026" xalqaro ko'rgazmasi 2026-yil 27-29-oktabr kunlari "O'zekspomarkaz" MKKda bo'lib o'tadi.
Ko'rgazma tashkilotchilari: Iteca Exhibitions xalqaro ko'rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori ICA Eurasia Group.
Yigirma yil — bu shunchaki yubiley sanasi emas, balki sohaning rivojlanishi, texnologik o'zgarishlar va xalqaro hamkorlikning kengayishi tarixidir. O‘zbekiston boy mineral-xomashyo bazasiga ega mamlakat bo‘lib, mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab tog‘-kon va metallurgiya sanoatini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish yo‘lini tanladi. Aynan shu vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilish maqsadida MiningMetals Uzbekistan ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ushbu ko‘rgazma mahalliy korxonalarga ilg‘or texnologiyalar, xalqaro tajriba va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini taqdim etuvchi muhim maydonga aylandi. Yigirma yil davomida ko‘rgazma soha bilan hamnafas ravishda rivojlanib, uning ehtiyojlarini aks ettirdi hamda texnologik yangilanish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan intilishlarni qo‘llab-quvvatlab keldi.
Tadbirning ahamiyati va dolzarbligi uning 20 yillik tarixida yaqqol ko'rinib turibdi. Shu vaqt ichida ko'rgazmada 41 mamlakatdan 1 723 ta kompaniya va brend ishtirok etdi va uning ekspozitsiyasiga 79 827 nafar mutaxassis tashrif buyurdi.
Bugungi kunda MiningMetals Uzbekistan tog‘-kon, metallurgiya va mashinasozlik sanoati vakillari uchrashadigan asosiy maydonlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu yerda kompaniyalar o‘z uskunalari va texnologiyalarini namoyish etadi, yangi hamkorlar topadi hamda biznesni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qiladi. Xalqaro kompaniyalar ishtirokining tobora ortib borayotgani esa O‘zbekistonning sanoat salohiyatiga bo‘lgan qiziqish yuqori ekanligini tasdiqlaydi.
Bu yil Avstraliya, Belarus Respublikasi, Eron, Estoniya, Finlyandiya, Germaniya, Hindiston, Ispaniya, Kanada, Koreya Respublikasi, Ozarbayjon, Qirg'iziston, Qozog'iston, Rossiya, Serbiya, Tojikiston, Turkiya, Xitoy, O'zbekiston kabi 19 mamlakatdan 163 ta kompaniya va brend o'z yechimlari va ishlanmalarini taqdim etadi.
MiningMetals Uzbekistan 2026 ko‘rgazmasi ekspozitsiyasi ishlab chiqarish siklining asosiy bosqichlarini — burg‘ilash va qazib olishdan tortib, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgik qayta ishlash hamda ishlab chiqarishni raqamli boshqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi. Asosiy e’tibor ishlab chiqarish unumdorligini oshirish, uskunalarning ishonchliligini ta’minlash, energiya samaradorligini yaxshilash hamda ishlab chiqarish jarayonlari xavfsizligini kuchaytirishga xizmat qiluvchi texnologiyalarga qaratiladi.
Ko‘rgazmada burg‘ilash va konchilik ishlarini olib borishga mo‘ljallangan yechimlar, portlatish ishlarining zamonaviy texnologiyalari, yer osti kon lahimlarini qazish, rudalarni maydalash va boyitish uskunalari, shuningdek, xomashyoni tashish hamda sanoat korxonalarini jihozlash uchun mo‘ljallangan uskunalar muhim o‘rin egallaydi. Shu bilan birga, geologik modellashtirish, karyer texnikasi faoliyatini boshqarish, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va uskunalar holatini monitoring qilish uchun mo‘ljallangan raqamli vositalar ham namoyish etiladi.
Ekspozitsiyaning alohida yo‘nalishini mineral xomashyoni tadqiq etish va mahsulot sifatini nazorat qilishga mo‘ljallangan laboratoriya hamda tahliliy yechimlar tashkil etadi. Texnologik ekspozitsiyani sanoat sovitish, ventilyatsiya va aspiratsiya uskunalari, shuningdek, uskunalarni korroziya va abraziv yeyilishdan himoya qilishga mo‘ljallangan materiallar hamda butlovchi qismlar to‘ldiradi.
Ko‘rgazmaning amaliy qismini sanoat uskunalari namunalari, jumladan, turli rusumdagi burg‘ilash qurilmalari, materiallarga ishlov berish uchun mo‘ljallangan laboratoriya valikli pressi hamda sanoat sovutish tizimlari to‘ldiradi. Tashrif buyuruvchilar namoyish etilayotgan yechimlarning konstruktiv xususiyatlari va texnik tavsiflari bilan tanishish, shuningdek, kompaniyalar vakillari bilan ularni ishlab chiqarishda qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilishlari mumkin bo‘ladi.
Ko‘rgazma ishtirokchilari orasida O‘zbekiston tog‘-kon metallurgiya majmuasining yetakchi korxonalari va xalqaro texnologik kompaniyalar o‘rin olgan.
O‘zbekiston milliy stendi O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining yagona birlashtirilgan stendi shaklida namoyish etiladi. Unda mamlakatimiz tog‘-kon va metallurgiya sanoatining yetakchi korxonalari — Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston metallurgiya kombinati, O‘zbekiston texnologik metallar kombinati hamda Navoiyuran birlashtiriladi.
Germaniya an’anaviy ravishda milliy pavilyoni bilan ishtirok etadi, Turkiya, Xitoy va O‘zbekiston kompaniyalari esa ko‘rgazmada keng namoyish etiladi.
Xalqaro ekspozitsiyani tog‘-kon va metallurgiya texnologiyalarining turli yo‘nalishlariga ixtisoslashgan kompaniyalar ham to‘ldiradi. Ular orasida: TAKRAF / DELKOR (Germaniya) — tog‘-kon sanoati va foydali qazilmalarni boyitish uchun yechimlar; ORICA va MAXAM (O‘zbekiston) — portlatish texnologiyalari; Flender (Estoniya) — sanoat yuritma (privod) tizimlari; HAVER NIAGARA (Germaniya) — xomashyoni qayta ishlash uchun uskunalar; Yantai Jinpeng (Xitoy) — rudani boyitish texnologiyalari; Terex Finlay (Qozog‘iston) — maydalash va saralash texnikasi.
Burg‘ulash va tog‘-kon uskunalarini quyidagi kompaniyalar namoyish etadi: Iko Machinery (O‘zbekiston) — Komatsu texnikasi, Soosan Heavy Industries (Koreya Respublikasi), ACR Sondaj va SFT Sondaj Ekipmanları (Turkiya). Boshqa ishtirokchilar qatorida sanoat uskunalari, butlovchi qismlar va texnologik yechimlarning turli yo‘nalishlarini taqdim etuvchi Shanghai Shibang Machinery (Xitoy), Remas Redüktör (Turkiya), Yılmaz Redüktör (Turkiya), Kırlıoğlu Kimya (Turkiya), EMC LTD (Avstraliya) va Powerking Corporation (Koreya Respublikasi) kompaniyalari ham o‘rin olgan.
Raqamli va laboratoriya texnologiyalari, xususan, geologik modellashtirish, laboratoriya tadqiqotlari va tahliliy uskunalar sohasida faoliyat yurituvchi O‘zbekistonning MICROMINE, ALS Global hamda Orionica kompaniyalari tomonidan namoyish etiladi.
Ko‘rgazmaning eng e’tiborga molik debyutlaridan biri O‘zbekistonda o‘zining ilk xorijiy sho‘ba korxonasini ochgan Ozarbayjonning AzerGold kompaniyasi ishtiroki bo‘lishi kutilmoqda. Kompaniya geologiya-qidiruv ishlari va mineral resurslarni baholash sohasidagi loyihalarni rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi tog‘-kon sanoati sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ishbilarmonlik dasturining asosiy tadbirlaridan biri sakkizinchi bor o‘tkazilayotgan O‘zbekiston xalqaro kon-metallurgiya forumi — UIMF bo‘ladi. Forumning shiori — «Resurslardan global imkoniyatlar sari». Forum tog‘-kon va metallurgiya majmuasini rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun soha vakillari va ekspertlarni birlashtiradi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasi va ekspertlar dasturining uyg‘unligi professional tajriba almashish, sohadagi zamonaviy tendensiyalarni muhokama qilish hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yechimlarni izlash uchun qulay sharoit yaratadi. MiningMetals Uzbekistan va UIMF 2026 mahalliy korxonalar, xalqaro texnologik kompaniyalar hamda soha mutaxassislari hamjamiyati o‘rtasidagi yigirma yillik hamkorlik tarixini davom ettiradi.
Rasmiy qo‘llab-quvvatlash:

Tashkiliy ko‘mak:

Bosh hamkor:

Rasmiy aviatashuvchi:

Hamkor:

Rasmiy transport-logistika hamkori:

Texnik hamkor:

Bosh informatsion hamkor:

Informatsion qo‘llab-quvvatlash:

Qo'shimcha ma'lumot olish uchun Iteca Exhibitions matbuot xizmatiga murojaat qiling
Tel: + (998 71) 205 18 18 E-mail: pr@iteca.uz www.mining.uz