Yangiliklar
O`zbekiston va BAA tog ` - kon sanoati sohasida hamkorlik memorandumini imzoladilar
O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari tog‘-kon sanoatida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Ushbu kelishuv investitsiyalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan.
Anglashuv memorandumi BAA Investitsiyalar vaziri Muhammad Hasan Al-Suvaidiy va O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev tomonidan imzolandi, deya xabar beradi Amirliklar axborot agentligi (WAM).
Kelishuv ikki tomonlama investitsiya oqimlarining o‘sishi fonida imzolandi. WAM ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda BAAning O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalari 1,3 milliard AQSh dollariga yetgan bo‘lib, shundan qariyb 700 million dollari qayta tiklanuvchi energetika sohasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan qo‘shma loyihalar amalga oshirish bosqichida.
Memorandumga izoh berar ekan, Al-Suvaidiy mamlakatlar o‘rtasidagi uzoq muddatli munosabatlar o‘zaro ishonch va mustahkam iqtisodiy hamkorlikka asoslanganini ta’kidladi. “Bugungi kelishuvning imzolanishi BAAning o‘zaro manfaatli sohalarda barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaydigan va uzoq muddatli iqtisodiy qiymat yaratadigan strategik xalqaro hamkorliklarni rivojlantirishga sodiqligini aks ettiradi”, — dedi vazir. Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston bilan hamkorlik tog‘-kon sanoati qiymat zanjirining barcha bosqichlarida yuqori sifatli investitsiya imkoniyatlarini ochib beradi.
Kelishuv elektr energiyasi ishlab chiqarish, qayta tiklanuvchi energetika, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, suv ta’minoti tizimlari va logistika tarmoqlarini o‘z ichiga olgan muhim infratuzilmani rivojlantirish va yangilashga qaratilgan. Shuningdek, hujjatda sohani raqamlashtirish, innovatsion yechimlarni joriy etish va mas’uliyatli boshqaruvni rivojlantirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu tarmoqning uzoq muddatli barqarorligi va ishonchliligini mustahkamlashi kutilmoqda.
Memorandum doirasida hamkorlik tog‘-kon sanoatining butun qiymat zanjirini — geologik qidiruvdan tortib qazib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev memorandum Fors ko‘rfazi davlati bilan hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim qadam ekanini ta’kidladi. “Investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, boshqaruv, kadrlar salohiyatini rivojlantirish va monitoring mexanizmlari bo‘yicha hamkorlik orqali biz mineral resurslardan mas’uliyatli foydalanishni rivojlantirish va har ikki iqtisodiyot uchun barqaror sanoat o‘sishi imkoniyatlarini yaratishni maqsad qilganmiz”, — dedi Xo‘jayev.
WAM ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuv davlat organlari, tartibga soluvchi tuzilmalar, davlat investitsiya kompaniyalari va xususiy sektor ishtirokida hamkorlik doirasini belgilab beradi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va davlat-xususiy sherikliklarni o‘z ichiga olgan moliyalashtirish mexanizmlarini shakllantirish imkonini yaratadi.
AQSh Savdo vazirligining Xalqaro savdo boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston tog‘-kon sanoati iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biri bo‘lib, oltin, mis, uran, ko‘mir, neft va tabiiy gaz ishlab chiqaradi. Sohada modernizatsiya jarayonlari olib borilmoqda: hukumat qazib olishdan tortib qayta ishlashgacha bo‘lgan ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirmoqda, xorijiy investitsiyalarni jalb etmoqda va davlat korxonalari orqali infratuzilmani yangilab, xalqaro kapital oqimini ta’minlamoqda.
Manba