Press-relizlar
MiningMetals Uzbekistan — 20 yil soha bilan birgalikda

20-yubiley «Tog‘-kon ishi, metallurgiya va metallsozlik – MiningMetals Uzbekistan 2026» xalqaro ko‘rgazmasi 2026-yil 27–29-oktabr kunlari «O‘zekspomarkaz» MKKda muvaffaqiyatli bo‘lib o‘tdi va O‘zbekistonda tog‘-kon va metallurgiya texnologiyalari hamda innovatsiyalari sohasidagi yetakchi xalqaro platforma maqomini yana bir bor tasdiqladi.
Tashkilotchilar: Iteca Exhibitions xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori ICA Eurasia Group. Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining rasmiy qo‘llab-quvvatlashida tashkil etildi.
Yigirma yil davomida MiningMetals Uzbekistan ko‘rgazmasi tog‘-kon, metallurgiya va mashinasozlik sanoati vakillari uchrashadigan muhim maydon bo‘lib kelmoqda. Tadbirning ko‘lami va unga bo‘lgan yuqori qiziqishni 20 yillik faoliyati yakunlari ham yaqqol tasdiqlaydi. Shu davr mobaynida ko‘rgazmada 41 mamlakatdan 1723 ta kompaniya va brend ishtirok etgan, ekspozitsiyaga esa 84 083 nafar mutaxassis tashrif buyurgan.
MiningMetals Uzbekistan 2026 ko‘rgazmasining yubiley ekspozitsiyasi quyidagi 19 mamlakatdan 163 ta kompaniya va brendni bir maydonda jamladi: Avstraliya, Belarus Respublikasi, Eron, Estoniya, Finlyandiya, Germaniya, Hindiston, Ispaniya, Kanada, Koreya Respublikasi, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Serbiya, Tojikiston, Turkiya, Xitoy va O‘zbekiston.
Uch kun davomida ko‘rgazmaga 3258 nafar noyob mutaxassis tashrif buyurdi, professional tashriflarning umumiy soni esa 4256 tani tashkil etdi. Shu bilan birga, mutaxassislarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i muzokaralarni davom ettirish, yangi ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilar bilan uchrashish hamda taqdim etilgan yechimlar bilan yaqindan tanishish maqsadida ko‘rgazmaga qayta tashrif buyurdi. Bunday yuqori faollik ko‘rgazma professional auditoriya uchun shunchaki bir martalik tashrif joyi emas, balki mutaxassislar qayta murojaat qiladigan samarali ishbilarmonlik maydoniga aylanganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston milliy stendi O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining yagona birlashtirilgan stendi shaklida namoyish etildi. Unda mamlakatimiz tog‘-kon va metallurgiya sanoatining yetakchi korxonalari — «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» AJ, «O‘zmetkombinat» AJ, «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ hamda «Navoiyuran» DK birlashtirildi. Germaniya an’anaviy ravishda milliy pavilyon bilan ishtirok etdi. Turkiya, Xitoy va O‘zbekiston kompaniyalari ham ko‘rgazmada keng ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning ishbilarmonlik dasturidagi asosiy tadbir sakkizinchi bor o‘tkazilgan O‘zbekiston xalqaro kon-metallurgiya forumi — UIMF bo‘ldi. Forumning shiori — «Resurslardan global imkoniyatlar sari». Tadbir 20 mamlakatdan 50 nafar spiker va moderator hamda 550 nafar delegatni birlashtirdi. 7 ta mavzuli sessiya doirasida tog‘-kon va metallurgiya sanoatini rivojlantirish, innovatsion yechimlar va sun’iy intellektni joriy etish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga oid eng dolzarb masalalar muhokama qilindi.
MiningMetals Uzbekistan har yili tog‘-kon va metallurgiya sohasi vakillarida katta qiziqish uyg‘otib kelmoqda. Yubiley ko‘rgazmasi davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus va ommaviy axborot vositalarining ko‘plab vakillari e’tiborini tortib, soha rivojidagi muhim ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi. Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova, vazir o‘rinbosari Ural Yusupov, O‘zbekiston metallurgiya assotsiatsiyasi, shuningdek, yirik sanoat korxonalari — «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» AJ va «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ vakillari ishtirok etdilar.
Tashkilotchilar nomidan ochilish marosimida Iteca Exhibitions kompaniyasining hamkori, ko‘rgazmalar va anjumanlarning xalqaro tashkilotchisi ICA Events ijrochi direktori Edvard Stroon nutq so‘zladi. U ko‘rgazma yigirma yil davomida soha bilan birga rivojlanib, uning ehtiyojlarini aks ettirib kelgani, texnologik yangilanish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga bo‘lgan intilishlarni qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi.
Mehmonlar orasida O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari va vakillari alohida o‘rin egalladi. Jumladan, AQSH, Belarus Respublikasi, Buyuk Britaniya, Eron, Germaniya, Ispaniya, Kanada, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Turkiya elchixonalari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Savdo vakolatxonasi hamda Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi vakillari ishtirok etdi. Diplomatik vakolatxonalarning tadbir rasmiy dasturida qatnashgani xorijiy hamkorlarning konstruktiv xalqaro muloqotni rivojlantirish, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan katta qiziqishining muhim ifodasi bo‘ldi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasi va ekspertlar dasturining uyg‘unligi professional tajriba almashish, sohadagi zamonaviy tendensiyalarni muhokama qilish hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha samarali yechimlarni izlash uchun qulay sharoit yaratdi. Ko‘rgazma ishtirokchilari uning O‘zbekistondagi yetakchi sohaviy tadbir sifatidagi ahamiyatini yana bir bor e’tirof etdilar.
Ural Yusupov, O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari:
– Bugungi kunda O‘zbekiston tog‘-kon sanoati dunyo uchun ochiq. Mamlakatimizda 2500 dan ortiq xususiy tadbirkor tog‘-kon faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Bu esa sohada nafaqat davlat tuzilmalari, balki xususiy biznes vakillari ham faol ishtirok etayotganini anglatadi. Ko‘rgazma investorlar, tadbirkorlar va sohaning barcha ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlik uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu yerda soha uchun zarur bo‘lgan yangi texnologiyalar namoyish etilmoqda, investorlar bilan bevosita muzokaralar, B2B va B2G uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi ma’lumotlar investorlar va tadbirkorlarga bevosita yetkazilmoqda. Shubhasiz, bularning barchasi soha rivojiga xizmat qilmoqda.
VDMA Mining & Minerals, Natalya Eshe, Markaziy Osiyo bozorlari bo‘yicha menejer (Germaniya milliy pavilyoni):
– Biz MiningMetals ko‘rgazmasida u tashkil etilgan ilk yillardan buyon ishtirok etib kelmoqdamiz. Dastlab Germaniyaning kichik pavilyonida atigi 2–3 ta kompaniya qatnashgan bo‘lsa, bugungi kunda ko‘rgazmada har yili kamida 14–20 ta kompaniya ishtirok etmoqda. Kelgusi yilgi ko‘rgazmada qatnashish uchun yangi arizalar ham kelib tushmoqda, qiziqish tobora ortib bormoqda. Ishtirokimizdan asosiy maqsad — B2B uchrashuvlarida qatnashish, salohiyatli buyurtmachilar bilan bevosita muloqot qilish va loyihalarni amalga oshirish uchun hamkorlar topishdir. MiningMetals ko‘p yillardan buyon bizga Yevropa kompaniyalari orasida ham, Markaziy Osiyo bozorida ham o‘z manfaatlarimizni ilgari surishda yordam berib kelmoqda.
Yilmaz Reductor, Timur Kelesh, bosh menejer (Turkiya):
– MiningMetals Uzbekistan ko‘rgazmasi tufayli kompaniyamiz O‘zbekiston bozorida o‘z faoliyatini faol ilgari surishni boshladi. Shu sababli biz ko‘p yillardan buyon ushbu ko‘rgazmada ishtirok etib kelmoqdamiz. Biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishmoqdamiz, chunki har yili bu yerda O‘zbekistondagi xususiy kompaniyalar va davlat sektori vakillari bilan tobora ko‘proq yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatmoqdamiz. Natijalardan juda mamnunmiz va kelgusida ham MiningMetals ko‘rgazmasida ishtirok etishni rejalashtirganmiz, chunki belgilangan maqsadlarimizning 90 foiziga erishdik. Tashkilotchilarga yuqori professionalligi va barcha masalalarimizni tezkorlik bilan hal etgani uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
David Brown Santasalo, Irina Vilup, Boltiqbo‘yi va Markaziy Osiyo mamlakatlarida biznesni rivojlantirish bo‘yicha rahbar (Finlyandiya):
– Biz Finlyandiya va Xitoyda ishlab chiqariladigan elektr yuritmalarni taqdim etamiz. Toshkentda o‘tkazilayotgan MiningMetals ko‘rgazmasida ishtirok etishga qaror qilganimizdan juda mamnunmiz va bu qarorimizdan afsuslanmadik. Bu yerda ko‘plab bevosita buyurtmachilar, xaridlar bo‘limlari va korxonalar vakillari bilan uchrashdik. Kompaniyamiz bir necha bor rebrending jarayonidan o‘tgan, shu bois o‘zimizni bozorda tanitish biz uchun juda muhim. Ko‘rgazmada mahsulotlarimizga katta qiziqish bildirilayotganini ko‘rmoqdamiz, shuningdek, hamkorlik imkoniyatlarini batafsil muhokama qilish uchun qulay sharoit mavjud. Kelgusi yilda ham, albatta, ushbu ko‘rgazmada ishtirok etamiz.
Ko‘rgazma faoliyati 23 ta mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositasi tomonidan keng yoritilib, televideniye va radio reportajlarini ham o‘z ichiga olgan 131 ta material tayyorlandi. Shuningdek, tadbir haqidagi materiallar elchixonalar, tegishli davlat idoralari, sohaviy OAV va uyushmalarni o‘z ichiga olgan 47 ta tashkilot tomonidan ham e’lon qilindi. Bu esa loyihaga davlat tuzilmalari va biznes vakillari tomonidan katta qiziqish bildirilayotganini tasdiqlaydi. Umuman olganda, MiningMetals Uzbekistan haqidagi materiallar barcha ijtimoiy media platformalarida 1,25 milliondan ortiq ko‘rishlar sonini qayd etdi.
26–28-oktabr kunlari «O‘zekspomarkaz» MKKda bo‘lib o‘tadigan 21-xalqaro MiningMetals Uzbekistan 2027 ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlandi. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun loyiha menejeri Aleksandr Yakubovga +998 71 205 18 18 telefon raqami yoki mining@iteca.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilishingiz mumkin.